MUROJAAT QILISH TARTIBI

MUROJAAT QILISH TARTIBI

 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Adolat” huquqiy axborot markazi ishonch telefoni (71) 233-28-18

«Ishonch telefoni» orqali tushayotgan murojaatlar dushanba kunidan juma kunigacha (juma kuni ham) (bayram kunlaridan tashqari) soat 09.00 dan 13.00 gacha va 14.00 dan 18.00 gacha “Adolat” huquqiy axborot markazining mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Takliflar, ular tushgan kundan boshlab bir oygacha muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganish talab qilinadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklif kiritgan shaxsga o‘n kun muddatda ma’lum qilinadi.

Arizalar va shikoyatlar kelib tushgan kundan boshlab bir oygacha muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganish va tekshirishni talab qilmaydigan arizalar va shikoyatlar esa — o‘n besh kundan kechikmay ko‘rib chiqiladi.

Arizalar yoki shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni talab qilish yoxud boshqa choralarni ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda arizalar yoki shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddatlari korxona rahbari tomonidan istisno tariqasida, biroq bu haqda ariza bergan yoki shikoyat qilgan shaxsga xabar qilingan holda bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Adolat” huquqiy axborot markaziga murojaat qilish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining quyidagi Nizomi asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga (keyingi o‘rinlarda Qonun deb ataladi) muvofiq O‘zbekiston RespublikasiAdliya vazirligi markaziy apparati, adliya organlari va muassasalarida(keyingi o‘rinlarda adliya organlari deb ataladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (keyingi o‘rinlarda murojaat deb ataladi) bilan ishlash tartibini belgilaydi.
  2. Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar adliya organlariga murojaat qilish huquqiga ega.
  3. Ushbu Nizomning amal qilishi:

ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik prosessual, jinoyat-prosessual, jinoyat-ijroiya, xo‘jalik prosessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;

adliya organlarining davlat organlari va davlat muassasalari bilan (keyingi o‘rinlarda davlat organlari deb yuritiladi), shuningdek ularning tarkibiy bo‘linmalarini o‘zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

  1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

ariza – huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat;

taklif – davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat;

shikoyat – buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat;

anonim murojaat – jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaat;

murojaatning dublikati – aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati nusxasi;

takroriy murojaat – avvalgi murojaatlar bo‘yicha qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilingan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytda ko‘rib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan bo‘lsa, avvalgi murojaat o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi haqida xabar qilingan, aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan murojaat;

elektron murojaat – elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikasiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklidagi murojaat.

  1. Murojaatlar og‘zaki yoki yozma yoxud elektron shaklda berilishi mumkin.

Adliya organlarining “ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatlar og‘zaki murojaat sifatida mazkur Nizomda belgilangan tartibda qayd etiladi, ro‘yxatga olinadi va ko‘rib chiqiladi.

Adliya organlarining rasmiy veb-sayti orqali yoki adliya organlarining rasmiy elektron pochta manziliga kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi YAgona interaktiv davlat xizmatlari portali (Hukumat portali) orqali kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi hamda Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi YAgona interaktiv davlat xizmatlari portali to‘g‘risidagi nizom va adliya organlarining Hukumat portali orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlashga oid direktiv hujjatlari talablari hisobga olingan holda ushbu Nizomda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

  1. Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etishlari mumkin.

  1. Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.
  2. Jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

YUridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

YOzma murojaat murojaat qiluvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat qiluvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikasiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi lozim. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

  1. Murojaatlarni berish muddatlari, qoidaga ko‘ra, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar adliya organlarining murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra, adliya organlariga murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.

Bo‘ysunuv tartibida yuqori organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.

Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi adliya organi tomonidan tiklanadi.

  1. Adliya organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
  2. Adliya organlari ushbu Nizom talablariga muvofiq murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy qilishi mumkin.

 II. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi 

  1. Adliya organlarida murojaatlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning ko‘rib chiqilishini nazorat qilish adliya organlarining murojaatlar bilan ishlash uchun mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi yoki mas’ul xodimi (keyingi o‘rinlarda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
  2. Elektron murojaatlar tushgan kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom bo‘lgandan keyin tushgan taqdirda esa – navbatdagi ish kunida qog‘ozga bosib chiqarilishi kerak.
  3. YOzma va elektron (qog‘ozga bosib chiqarilgan) murojaatlar Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ro‘yxatga olish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasini to‘ldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi o‘ng qismida ro‘yxatga olish shtampini qo‘yish yo‘li bilan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmada ro‘yxatga olinadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ro‘yxatga olish jurnalida murojaatning tartib raqami, murojaat qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, uning yashash joyi, yuridik shaxsning nomi, uning manzili, murojaatning qisqacha mazmuni, murojaat qabul qilingan sana, dublikat yoki murojaatlarning takroriyligi, nazoratga olinganligi to‘g‘risidagi belgi, ijrochi etib belgilangan adliya organi tarkibiy bo‘linmasi nomi, sana ko‘rsatilgan holda ijro etish to‘g‘risidagi belgi ko‘rsatiladi.

Qayd etish shtampida adliya organlarining rasmiy nomi (agar adliya organlarining rasmiy nomi uzun bo‘lsa umumqabul qilingan qisqartirilgan nom yoki qisqartma ko‘rsatilishi mumkin), murojaatning kelib tushgan sanasi va qayd raqami ko‘rsatiladi.

Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi.

  1. Murojaat pochta orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va uning ilovalari borligi tekshiriladi.

Konvertda murojaatning mavjud emasligi yoki uning yaroqsizlanganligi, shuningdek murojaatda ko‘rsatilgan ilovalarning yo‘qligi aniqlanganda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmada qoladi, ikkinchisi murojaat qiluvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha jo‘natiladi.

Kelib tushgan murojaatlar konvertlari murojaat etuvchining manzilini, murojaatning jo‘natilgan va olingan vaqtini aniqlash uchun saqlab qolinadi.

  1. Og‘zaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmaning rahbari yoxud boshqa mas’ul xodim, shuningdek adliya organi tarkibiy bo‘linmalarining (keyingi o‘rinlarda tarkibiy bo‘linma deb ataladi) rahbarlari yoxud boshqa mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Murojaat qiluvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar tekshirilgandan keyin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha hisobga olish kartochkasi to‘ldiriladi. Hisobga olish kartochkasi og‘zaki murojaat sifatida ro‘yxatga olinadi.

  1. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari adliya organlariga og‘zaki murojaat etishganda ular tomonidan taqdim qilingan yozma murojaatlar hamda boshqa materiallar qabul qilinishi va ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq to‘ldirilgan hisobga olish kartochkasiga biriktirilishi kerak.

Takroriy va dublikat murojaatlar devonxona tomonidan navbatdagi qayd etish raqami bilan ro‘yxatga olinadi.

Takroriy murojaatning ustxat (fishka)ida kirim raqamidan so‘ng qavs ichida takroiylik belgisi sifatida uning oldingi raqami ham qo‘yiladi (masalan, 100/3 (90/3ga).

Dublikat murojaatning ustxat (fishka)ida kirim raqamidan so‘ng qavs ichida uning oldingi raqami ham qo‘yiladi (masalan, 100/3 (90/3).

  1. Ro‘yxatga olingan murojaatlar kelib tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay adliya organlari rahbarlariga yoki uning o‘rinbosarlariga kiritiladi, u mas’ul tarkibiy bo‘linmani (xodimni) belgilagan holda murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha rezolyusiyani (topshiriqnomani) qo‘yadi.
  2. Rezolyusiya (topshiriqnoma) qo‘yilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy bo‘linmaga (xodimga) ro‘yxatga olish jurnallariga imzo qo‘ydirgan holda beriladi.
  3. Adliya organlariga kelib tushgan murojaatlar adliya organlarining ish yurituviga qabul qilinishi, bo‘ysunish tartibida adliya organlarining quyi bo‘linmasiga (tashkilotga) (keyingi o‘rinlarda quyi organ deb ataladi) yuborilishi yoki tegishliligi bo‘yicha boshqa davlat organlariga yuborilishi mumkin.

Bunda vazirlik markaziy apparatiga birinchi marotaba kelib tushgan va hal etilishi quyi adliya organlari vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha murojaatlar murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma yoki tegishli tarkibiy bo‘linma boshliqlari imzosi bilan adliya organlariga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi va bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Vazirlik markaziy apparati tomonidan o‘rganish uchun yuborilgan murojaatlar quyi adliya organlari tomonidan topshiriq sifatida ro‘yxatga olinadi va o‘rganish natijalari bo‘yicha xulosa (topshiriq xatida ko‘rsatilgan bo‘lsa to‘plangan materiallar bilan) vazirlikka taqdim etiladi.

Vazirlik markaziy apparati tomonidan ijro uchun yuborilgan murojaatlar quyi adliya organlari tomonidan to‘liq ko‘rib chiqilib, murojaat etuvchiga javob yuboradi va mazkur toifadagi murojaatlar adliya organlarining statistik hisobotida vazirlikdan kelib tushgan va ko‘rib chiqilgan murojaatlar sifatida aks ettiriladi.

  1. Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolati doirasiga kirmaydigan adliya organlariga kelib tushgan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay adliya organlarining rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan yohud tarkibiy bo‘linma (vazirlik markaziy apparati uchun) rahbarlari tomonidan ham imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatni ko‘rib chiqishi uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat qiluvchilarga qaytariladi.

  1. Quyi adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan murojaatlar unga kelib tushgan kunidan boshlab besh kun muddatdan kechiktirmay xat bilan yoki adliya organlarining rahbari, uning o‘rinbosari yoki tarkibiy bo‘linma (vazirlik markaziy apparati uchun) tomonidan imzolangan topshiriq bilan birga yuborilishi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar berilishi lozim.
  2. Agar murojaatda bir nechta tarkibiy bo‘linmaga tegishli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ijro etuvchilar etib belgilanadi. Ijro etuvchilar orasida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linma boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda murojaat ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.
  3. Murojaatni to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiquvchi tarkibiy bo‘linma murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek ushbu adliya organlarining vakolatlari doirasida – belgilangan tartibda boshqa davlat organlaridan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin.
  4. Agar murojaatda joyning o‘zida o‘rganishni talab etuvchi holat bayon qilingan bo‘lsa, shuningdek boshqa zarur hollarda murojaatni ko‘rib chiquvchi adliya organlari murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqishni ta’minlashi mumkin. Murojaatni joyning o‘zida ko‘rib chiqish adliya organlari rahbarlarining topshirig‘i yoki uning roziligi bilan amalga oshiriladi.
  5. Murojaatni murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqishning imkoniyati bo‘lmaganda, ular adliya organlarining mansabdor shaxslari tomonidan chaqirilishi mumkin. CHaqirilgan murojaat qiluvchi kelmagan taqdirda adliya organlarining mansabdor shaxslari murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish mumkin emasligi to‘g‘risida javob yuboradi.
  6. Agar murojaatda o‘rtaga qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun adliya organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
  7. Zarur hollarda murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun adliya organlari tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
  8. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha adliya organlari tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.

Murojaatni qoniqtirmasdan qoldirish to‘g‘risidagi qarorni respublika ahamiyatiga molik adliya organlarida – vazir, uning o‘rinbosarlari; viloyat ahamiyatiga molik adliya organlarida – rahbar, uning o‘rinbosarlari; tuman va shahar ahamiyatiga molik adliya organlarida – rahbar qabul qiladi.

Murojaatga javob xatida murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) bo‘lishi kerak.

  1. Murojaatga javob xati adliya organlari rahbarlari yoki ularning o‘rinbosarlari yohud tarkibiy bo‘linmasi (vazirlik markaziy apparati uchun) rahbari tomonidan imzolanadi.

Murojaatlarga javob xati, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.

  1. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa bo‘lib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning ro‘yxatida birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan shaxsga yoki, ularning talabiga ko‘ra, boshqa shaxsga yuboriladi.
  2. Murojaat, unda ko‘tarilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaat qiluvchiga javob yuborilgan kun murojaatni ko‘rib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ro‘yxatga olish jurnaliga va hisobga olish kartochkasiga belgi qo‘yadi.

Oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki nazoratdan olinmaydi.

Bunda, murojaat to‘liq ko‘rib chiqilib, uning natijasida ta’sir chora (taqdimnoma, sudlarga da’vo ariza va boshqalar) qo‘llanilgan hollarda murojaatni ko‘rib chiquvchi tarkibiy bo‘linma bildirgiga asosan adliya organlari rahbarlari yoki ularning o‘rinbosarlari roziligi bilan ushbu murojaatni ichki nazoratga oladi.

  1. Agar murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida murojaatning dublikati kelib tushsa, ushbu murojaat avval tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi hamda natijasi bo‘yicha yagona javob beriladi.

Agar murojaatning dublikati murojaat ko‘rib chiqilgan va javob yuborilgandan keyin kelib tushsa, u holda adliya organi murojaat qiluvchini bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

  1. Nazoratga olingan murojaat ushbu murojaatni nazoratga olgan rahbar yoki mansabdor shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.

Bunda, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamenti faoliyatiga oid nazoratga olingan murojaatlar direktorning yozma axborotiga asosan vazir tomonidan ijro va nazoratdan olinadi.

  1. YUqori adliya organining nazoratida turgan murojaatlar bo‘yicha murojaatni ko‘rib chiqqan adliya organlari murojaat qiluvchiga yuborilgan javob xatining nusxasini ilova qilgan holda murojaatni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yuqori adliya organiga yozma shaklda xabar beradi.
  2. Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular ko‘rib chiqilgunga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish yo‘li bilan qaytarib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni ko‘rib chiqish to‘xtatiladi va uch kun mobaynida murojaat adliya organlarining xati bilan murojaat qiluvchiga qaytariladi.

Murojaatni qaytarib olish to‘g‘risidagi ariza adliya organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.

  1. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarni va ular bilan bog‘liq materiallarni saqlash murojaatni ko‘rib chiqqan tarkibiy bo‘linmada ikki yil muddatgacha saqlanadi va bu muddat o‘tgach idoraviy arxivga topshiriladi.

III. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

  1. Ariza yoki shikoyat masalani mazmuni bo‘yicha hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa adliya organlari rahbarlari yoki ularning o‘rinbosarlari roziligi bilan bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli adliya organi rahbari tomonidan, istisno tariqasida, ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

  1. Taklif adliya organlariga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kun muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.
  2. Ayrim hollarda adliya organlarining rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari yoki tarkibiy bo‘linma rahbarlari murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishlari mumkin.
  3. Murojaatlar bilan ishlash muddatlari ular adliya organlariga kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga to‘g‘ri kelsa, navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.

IV. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish

  1. Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

  1. Murojaatni anonim deb e’tirof etish murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma yoki murojaatni ko‘rib chiquvchi tarkibiy bo‘linma tomonidan amalga oshiriladi.

Murojaat anonim deb e’tirof etilganda bu haqda mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq xulosa tuziladi. Xulosada murojaatni anonim deb e’tirof etish uchun asoslar ko‘rsatiladi. Murojaatni anonim deb e’tirof etish to‘g‘risidagi xulosa murojaatlar bilan ishlovchi bo‘linma rahbari yoki tarkibiy bo‘linma rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Adliya organlarining “ishonch telefonlari”ga tushgan murojaatlar Qonunda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda anonim deb e’tirof etilishi mumkin.

Anonim deb e’tirof etilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab nazoratdan yoki ijrodan olinadi.

  1. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar kelib tushganda, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma yoki tarkibiy bo‘linma ularning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.

Agar murojaatda jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, bu haqda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmaning rahbari yoki tarkibiy bo‘linma rahbari tomonidan tasdiqlanadigan xulosa tuziladi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab ushbu murojaat ko‘rib chiqilmaydi, bu haqda murojaat qiluvchi yozma ravishda xabardor qilinadi.

V. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish

  1. Adliya organlarida va ularning tarkibiy bo‘linmalarida belgilangan kunlar va soatlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish adliya organlarining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.

  1. Adliya organlarida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari ushbu adliya organlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga asosan qabul qilinadi.

Adliya organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratiladi.

Qoida tariqasida, adliya organi rahbari qabuliga uning o‘rinbosari qaroridan norozi bo‘lgan, adliya organi rahbari o‘rinbosari qabuliga tarkibiy bo‘linma rahbari qaroridan norozi bo‘lgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinadi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari adliya organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari qabuliga kirish uchun oldindan yozilishi kerak.

  1. Qabul qilish jadvallari va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi adliya organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish, shuningdek ularning ma’muriy binosida hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa - o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.

  1. Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma qabulga kelgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni, shuningdek jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etadi.

Bunda, adliya organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari qabulida bo‘lgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining yozma va og‘zaki murojaatlari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma tomonidan har biri uchun alohida yuritiladigan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish kitoblariga qayd etiladi.

Adliya organlari xodimlari tomonidan qabul qilingan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining yozma va og‘zaki murojaatlari murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma tomonidan yuritiladigan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish kitobiga qayd etiladi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish kitoblariga qayd etilgan murojaatlarni ro‘yxatga oladi va adliya organlari rahbariyatining rezolyusiyasi (topshiriqnomasi) bilan tegishli tarkibiy bo‘linmalarga ijro qilish uchun beriladi.

  1. Adliya organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma yoki tegishli tarkibiy bo‘linma xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.
  2. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiluvchi rahbar yoki vakolatli shaxsning ko‘rsatmasi bo‘yicha adliya organlarining boshqa xodimlari ham qabul qilish jarayoniga jalb etilishi mumkin.
  3. Agar jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish paytida murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish adliya organlarining vakolatiga kirmasligi aniqlangan taqdirda, ularga murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish kerakligi tushuntiriladi. Bunda jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining talabi bilan bu haqda yozma shaklda javob beriladi.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo‘lgan ilgarigi murojaati bo‘yicha qaror qabul qilingan bo‘lsa va bu haqda ularga belgilangan tartibda xabar qilingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.

  1. Adliya organlarining rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.
  2. Sayyor shaxsiy qabullar vaqtida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmaning rahbari va adliya organlarining boshqa mas’ul xodimlari ishtirok etishi mumkin.
  3. Sayyor shaxsiy qabullar adliya organlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq o‘tkaziladi.

Zarur hollarda jadvalda nazarda tutilmagan sayyor shaxsiy qabullar o‘tkazilishi mumkin.

  1. Sayyor shaxsiy qabullarni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi to‘g‘risidagi axborot ushbu Nizomning 47-bandida belgilangan tartibda manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
  2. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullar vaqtida berilgan og‘zaki murojaatlari ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladi va ro‘yxatga olinadi hamda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

VI. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va adliya organlarining majburiyatlari

  1. Murojaat adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq murojaatlarni ko‘rib chiqishda boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.

  1. Adliya organlarining murojaatni ko‘rib chiquvchi mansabdor shaxslari yoki boshqa vakolatli shaxslari:

jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi;

murojaatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensasiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi;

murojaat etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng zudlik bilan yozma yoxud elektron shaklda xabar qilishi shart.

Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan adliya organlarining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo‘lmasa, uning yuzasidan shikoyat berish tartibini tushuntirishlari shart.

VII. Murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish.

Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish

  1. Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma tarkibiy bo‘linmalar tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning o‘z vaqtida va zarur tarzda ko‘rib chiqilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi tarkibiy bo‘linmalar tomonidan buzilishi to‘g‘risida adliya organlarining rahbariyatiga darhol xabardor qiladi.

Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma monitoring natijalari bo‘yicha har oyda adliya organlari rahbariyatiga murojaatlar ko‘rib chiqilishining holati to‘g‘risidagi axborotni, zaruriyat bo‘lganda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan adliya organi xodimlariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli takliflar bilan birgalikda taqdim etadi.

  1. Adliya organlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida har chorakda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilishni ta’minlaydilar.

Tahlil natijalari bo‘yicha murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linma yoki tarkibiy bo‘linma adliya organlari rahbarlariga adliya organlarida murojaatlarni ko‘rib chiqishning qonuniyligini ta’minlash va samaradorligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

VIII. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik

  1. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini ta’minlamaganlik, jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va yuridik shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun ta’qib qilish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
  2. Qonun va ushbu Nizom talablariga rioya etishni ta’minlash uchun javobgarlik adliya organlari rahbarlariga va ularning o‘rinbosarlariga, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmalar va tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbarlariga yuklanadi.