Yuqoriga

OMMAVIY OFERTA

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

“Adolat” huquqiy axborot markazining

www.adolatmarkazi.uz Internet do‘konidan

FOYDALANISh TARTIBI (BITIM)

(Ommaviy oferta)

Mazkur bitim adolatmarkazi.uz saytida keltirilgan hamda ushbu bitimda belgilangan barcha shartlarga rozi ekanligingizni tasdiqlaydi.

Agar bitimning biror-bir sharti sizga ma’qul kelmasa, tasdiqlashdan voz kechishingiz mumkin.

1. Umumiy qoidalar

1.1. Asosiy tushunchalar:

Adolatmarkazi.uz – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Adolat” huquqiy axborot markazi DUKga qarashli huquqiy va boshqa turdagi nashrlarni onlayn savdo platformasi (keyingi o‘rinlarda – internet do‘kon, sayt);

Foydalanuvchi (oddiy foydalanuvchi) – ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tgan, sayt xizmatlaridan foydalanish hamda buyurtmani rasmiylashtirish yo‘li bilan adolatmarkazi.uz katalogidan xarid qilish uchun maxsus paroĺ olgan istalgan jismoniy va yuridik shaxs (yoki ularning vakili);

Ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchi – saytning ro‘yxatdan o‘tish bo‘limida shaxsiy ma’lumotlarini kiritmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri katalogdan mahsulot sotib oluvchi shaxs. Bunda foydalanuvchi shaxsiy ma’lumotlarini savatga joylagan mahsulotlarni sotib olish “qadam”lari davomida yo‘l-yo‘lakay kiritishga to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchining huquq va majburiyatlari oddiy foydalanuvchining huquq va majburiyatlari bilan tenglashtirilgan;

Ro‘yxatdan o‘tish – foydalanuvchi tomonidan “ro‘yxatdan o‘tish” bo‘limida shaxsiy ma’lumotlarni maxsus shaklga kiritish jarayoni;

Shaxsiy ma’lumotlar – foydalanuvchiga bevosita yoki bilvosita taalluqli bo‘lgan axborot: familiya, ism, tug‘ilgan sana, to‘liq manzil, telefon raqami, elektron pochta manzili. Bu ma’lumot ro‘yxatdan o‘tish jarayonida foydalanuvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘ldiriladi va u adolatmarkazi.uz sayti xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi;

Login – shaxsiy kabinetga kirish imkonini beradigan foydalanuvchining ro‘yxatdan o‘tgan ramziy qaydnomasi;

Parol – foydalanuvchining saytdagi shaxsiy, maxsus identifikatori. U shaxsiy kabinetga kirish imkonini beradi;

Shaxsiy kabinet – adolatmarkazi.uz saytida foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlar interfeysi;

Mahsulot – “Adolat” huquqiy axborot markazi tomonidan nashr etilgan va mazkur internet do‘konda sotilayotgan kitoblar;

Buyurtma – foydalanuvchining adolatmarkazi.uz internet do‘konidan mahsulot xarid qilish talabnomasi. U foydalanuvchi tomonidan mahsulot haqidagi ma’lumotni “Savat”ga joylashtirish va to‘lovni amalga oshirish orqali rasmiylashtiriladi;

Bitim – sayt, shaxsiy xizmatlardan foydalanish tartibi va shartlari, kitob mahsulotlarini sotib olish tartibi, foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash tartibi va boshqa shartlarni o‘z ichiga oluvchi mazkur bitim.

1.2. Ushbu bitim tomonlari sifatida adolatmarkazi.uz sayti ma’muriyati va foydalanuvchi ishtirok etadi. Foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxs vakili bo‘lishi mumkin.

1.3. Tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar mazkur bitim, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonun va qonunosti hujjatlar orqali tartibga solinadi.

1.4. Mazkur bitim shartlari foydalanuvchining ro‘yxatdan o‘tgan vaqtiga qadar amalda bo‘lgan saytning barcha xizmatlaridan, shuningdek keyinchalik yaratiladigan va o‘zgartiriladigan xizmatlardan foydalanish tartibini belgilaydi.

1.5. Adolatmarkazi.uz katalogida taqdim qilingan mahsulotlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga to‘liq rioya etilgan holda ishlab chiqarilgan.

1.6. Mazkur bitim foydalanuvchi uning shartlariga o‘z roziligini bergandan keyin “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasini bosganida kuchga kiradi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonini bajargunga qadar, foydalanuvchi mazkur bitimning barcha qoidalari bilan e’tibor bilan tanishib chiqishi shart.

 

2. Saytda ro‘yxatdan o‘tish

2.1. Internet do‘kondan kitob mahsulotlarini xarid qilishni xohlovchi shaxs ixtiyoriy ravishda ro‘yxatdan o‘tadi, saytga to‘liq va haqiqiy ma’lumotlarni taqdim etadi.

2.2. Ro‘yxatdan o‘tish vaqtida foydalanuvchi parol va loginni mustaqil ravishda belgilaydi. Sayt ma’muriyati haqoratli loginlarni qo‘llashni taqiqlash va ularni o‘chirib tashlash huquqiga ega.

2.3. Barcha ro‘yxatdan o‘tish bosqichlaridan o‘tgach, foydalanuvchi shaxsiy login va parol orqali sayt katalogidan kitob mahsulotlarini xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi.

2.4. Foydalanuvchi o‘z qaydnomasini (login va paroĺ) saqlanishi uchun shaxsan o‘zi to‘liq javobgar hisoblanadi.

2.5. Foydalanuvchi shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi buzilish holatlarini sezsa, darhol sayt ma’muriyatini bu haqda ogohlantirishi kerak.

2.6. Foydalanuvchi har bir sessiyadan so‘ng ishni xavfsiz yakunlanishini amalga oshirishga (“Chiqish” tugmasi orqali) javobgar.

2.7. Foydalanuvchi istalgan vaqtda sayt ma’muriyatidan o‘z qaydnomasini o‘chirib tashlash yoki bloklab qo‘yishni talab qilishga haqli. Buning uchun u adolatmarkazi.uz saytining elektron pochtasiga (info@adolatmarkazi.uz) shu mazundagi maktubni yuborishi lozim.

 

3. Kitob mahsulotlarining buyurtmasi

3.1. Kitob mahsulotlarining ta’rifi bilan tanishgach, foydalanuvchi mahsulotni sayt katalogidan mustaqil ravishda tanlaydi va u haqidagi ma’lumotni “Savat”ga keyinchalik mahsulot buyurtmasini rasmiylashtirish uchun ko‘chiradi. Mahsulotni “Savat”ga tushirish buyurtma hisoblanmaydi. Foydalanuvchi buyurtmani boshlagunga qadar, “Savat”dagi mahsulotlarni o‘chirishi va qo‘shishi mumkin.

3.2. Foydalanuvchi sayt mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tib yoki o‘tmasdan xarid qilishi mumkin.

3.3. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi mahsulotlarni savatga joylash, o‘zi istagan to‘lov tizimi orqali to‘lovni amalga oshirish yo‘li bilan mahsulot buyurtmasini amalga oshiradi.

3.4. Ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchi xarid qilish “qadam”larida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchidan farqli ravishda to‘liq ma’lumot (ism-sharif, yetkazib berish manzili (indeks bilan), elektron pochtasi, telefon raqami) kiritishi lozim.

3.5. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi xarid qilgan mahsulotlarni boshqa manzilga jo‘natishi uchun yetkazib berish bo‘limidagi “yangi manzildan foydalanish”ni tanlab, ma’lumotlarni kiritishi lozim.

3.6. Foydalanuvchi saytda keltirilgan mahsulot ta’rifi mukammal bo‘lmasa yoki qandaydir noaniqliklar yuzaga kelsa bu haqda adolatmarkazi.uz mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga (71 233-28-18) maktub yuborishi mumkin. (info@adolatmarkazi.uz).

3.7. Sayt ma’muriyati istalgan vaqt mahsulot narxi, ta’rifi, mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi ma’lumotlarni foydalanuvchini ogohlantirishsiz o‘zgartirishi mumkin. Foydalanuvchi tomonidan buyurtirilgan (mablag‘ o‘tkazilgan) mahsulotga nisbatan yuqoridagi qoida qo‘llanilmaydi.

3.8. Foydalanuvchi istalgan vaqt o‘zi xarid qilgan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlar bilan shaxsiy kabinetdagi “Mening buyurtmalarim” bo‘limida mustaqil tanishishi mumkin.

 

4. To‘lov tizimi

4.1. Foydalanuvchi tomonidan xarid qilinayotgan mahsulotga haq to‘lash “Payme” yoki “Click” to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bunda foydalanuvchi buyurtmani rasmiylashtirishda tegishli usulni tanlashi kifoya.

4.2. Buyurtma rasmiylashtirilgan vaqtdan boshlab to‘lov 2 kalendaŕ kun davomida amalga oshirilishi lozim. Foydalanuvchi ko‘rsatilgan muddatda mahsulot haqini to‘lamasa buyurtma bekor qilinadi.

 

5. Mahsulot yetkazib berish

5.1. Adolatmarkazi.uz mahsulotlarni O‘zbekiston pochtasining maxsus xabarnomalik banderol xizmati orqali yetkazib beradi.

5.2. Foydalanuvchi mahsulotlarga buyurtma berish chog‘ida to‘liq manzil (indeks bilan)ni ko‘rsatishi shart.

5.3. Pochta xizmati hamda qadoqlash xarajatlari foydalanuvchi zimmasiga yuklanadi va buyurtma qilish chog‘ida kitoblar ro‘yxati tagida avtomatik tarzda ko‘rinib turadi.

5.4. Pochta xizmati orqali yetkazib berish narxi har bir buyurtma mahsulot og‘irligi va qadoqlash xizmatini hisobga olgan holda belgilanadi. Pochta narxlari saytning maxsus bo‘limida e’lon qilinadi.

5.5. Buyurtmani qabul qilish chog‘ida foydalanuvchi mahsulot turi, sifati, miqdori va narxini tekshirishi shart. Foydalanuvchining mahsulotni qabul qilib olishi bilan adolatmarkazi.uz mahsulotni berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini kerakli darajada bajarganligini va buyurtmaning miqdor va sifatiga nisbatan hech qanday e’tirozi yo‘qligini tasdiqlagan hisoblanadi.

5.6. Banderollar o‘z vaqtida, beshikast yetkazib berilishiga pochta ma’muriyati javobgar hisoblanadi.

5.7. Pochta orqali o‘z vaqtida yetib kelmagan mahsulot haqida foydalanuvchi tegishli so‘rovnoma bilan pochta bo‘limiga yoki saytning mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga (71 233-28-18) qo‘ng‘iroq qilib, bilib olishi mumkin.

5.8. Buyurtmaning kechiktirilishi, yetkazilmasligi, unga ziyon yetkazilishi bilan bog‘liq barcha e’tirozlar buyurtma yuborilganidan keyin 5 (besh) ish kun davomida sayt ma’muriyatiga taqdim qilinishi kerak.

5.9. Foydalanuvchining aybi bilan unga mahsulot yetkazib berishni imkoni bo‘lmaganida (masalan, vaqtida mahsulot pochta xizmatchisidan qabul qilib olinmasa), foydalanuvchining qayta talabi bilan yana ko‘rsatilgan manzilga yuborilishi mumkin. Bunday hollarda barcha pochta xarajatlari foydalanuvchi zimmasiga yuklanadi.

5.10. Internet do‘kondan xarid qilingan sifatli kitob mahsulotlari qaytarib olinmaydi va amalga oshirilgan to‘lovlar foydalanuvchiga qatarilmaydi.

 

6. Mahsulotni qaytarish yoki almashtirish

6.1. Foydalanuvchi sifatsiz mahsulotni uni qabul qilib olgandan keyin 10 kalendar kun davomida adolatmarkazi.uz ga qaytarishi yoki boshqa shu turdagi mahsulotga almashtirishi mumkin.

6.2. Mahsulot rangi, shakli, bezagi yoki uning dizaynidagi juz’iy elementlar saytda ko‘rsatilganidan farq qilishi mumkin. Bu bitim shartlarini buzilishi hisoblanmaydi.

6.3. Adolatmarkazi.uz kitob mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi “yashirin nuqson” bo‘lgandagina almashtiradi va qabul qiladi. “Yashirin nuqson” iborasi ostida quyidagi kamchiliklarning mavjudligi tushuniladi:

– teskari, tushib qolgan va chalkashib ketgan varaqlar;

– matn va tasvirlarning aksi tushib qolishi;

– elementlarning to‘liq va ketma-ket emasligi;

– chop etilmay qolgan sahifalar, ko‘zda tutilganlaridan tashqari “oq” betlar;

– bosilmay qolgan (tasvir elementlarining yo‘qolishi), “oqarib qolgan bosma”, ustma-ust tushgan bosma;

– betlarning yopishib qolishi va matnga yoki tasvirlarga betlarni ochishda putur yetkazilishi;

– blokni muqovaga noto‘g‘ri (teskari) qo‘yilishi;

– presslash jarayonidagi nuqsonlar (laminasiya), plenkani ko‘chishi va yirtilishi;

Yashirin ishlab chiqarish nuqsoni – bu kerakli elementlarning yo‘qligi, shuningdek ortiqcha kerak bo‘lmagan komponentlarning mavjudligi. Bu omillar kitob mahsulotlaridan foydalanish vaqtida ziyon yetkazishi, noqulaylik va qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.

6.4. Foydalanganlik alomatlari bo‘lgan mahsulot bilan bog‘liq e’tirozlar qabul qilinmaydi. Mahsulotning ustki va ichki qismiga putur yetkazilganligi (chiziqlar, qiyshaygan burchaklar, yirtiq va kir betlar), singan va ajralib ketgan qismlar, deformasiya yoki kitob blokini tushib qolishi, foydalanuvchiga mahsulot yetkazib berilgan paytda aniqlangan holatlar bundan mustasno.

6.5. Mahsulotni qaytarish yoki almashtirishni amalga oshirish uchun foydalanuvchi tegishli talabnomani info@adolatmarkazi.uz elektron manziliga yuborishi lozim. Bunda sifat bo‘yicha aniqlangan nuqsonlarni tasdiqlovchi suratlar ilova qilinishi kerak. Zarur hollarda adolatmarkazi.uz foydalanuvchidan yaroqsiz nusxani va isbotlarning asl nusxalarini so‘rash vakolatiga ega. Adolatmarkazi.uz tomonidan arizani ko‘rib chiqilishi uni foydalanuvchidan olgan vaqtdan boshlab 15 (o‘n besh) ish kuni davomida amalga oshiriladi.

6.6. Agar foydalanuvchining almashtirib berish haqidagi e’tirozi o‘rinli bo‘lsa, o‘sha turdagi sifatli mahsulot ko‘pi bilan 30 (o‘ttiz) kunda foydalanuvchiga yetkazib beriladi. Agar bunday mahsulot sotuvda mavjud bo‘lmasa, foydalanuvchiga mahsulot uchun to‘langan mablag‘ qaytariladi. Bunday holatlarda mahsulotni qaytarish, almashtirish hamda pochta xarajatlari adolatmarkazi.uz zimmasida bo‘ladi.

6.7. Foydalanuvchi mahsulotni qaytarish va almashtirish bilan bog‘liq savollar bo‘yicha mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga (71 233-28-18) yoki elektron pochtaga murojaat qilishi mumkin.

 

7. Foydalanuvchining huquqlari va majburiyatlari

7.1. Foydalanuvchi saytdagi mavjud mahsulotlarni istalgan vaqtda o‘z savatiga joylashtirish, tahrirlash va sotib olish;

7.2. Shaxsiy kabinetdagi ma’lumotlarni (jumladan, paroĺ, yetkazib berish manzili va boshqa.) istalgan vaqtda tahrirlash va o‘zgartirish;

7.3. Ishlab chiqarish yoki yetkazib berish jarayonida shikast yetgan kitob mahsulotlarini qaytarish yoki uni sifatlisiga almashtirishni talab qilish;

7.4. O‘zi uchun tushunarsiz bo‘lgan ma’lumotlar haqida sayt ma’muriyatiga ko‘rsatilgan vaqt chegarasida murojaat qilish;

7.5. Saytdagi yangiliklar, aksiyalar va boshqa shu turdagi ma’lumotlar bilan maxsus bepul SMS xizmati orqali tanishib borish yoki uni voz kechish huquqlariga ega.

7.6. Foydalanuvchi shaxsiy kabinetida boshqa shaxslarni tahqirlovchi, qo‘pol, zararli, tajovuzkor, g‘iybatli, tuxmat va behayo mazmunga ega bo‘lgan materiallar, huquqiy normalarni buzgan ma’lumotlarni joylashtirmaslik, istalgan shaklda tarqatmaslik va saqlamaslik;

7.7. Giyohvand moddalar, qurol-aslahalar tarqatilishiga va ularga bo‘lgan qiziqish oshishiga turtki bo‘ladigan, terrorizmning istalgan shaklini, noqonuniy va nasizmga xos faoliyatni ommalashishiga olib keladigan materiallarni tarqatmaslik;

7.8. Noqonuniy hisoblangan kontentni yuklash natijasida uchinchi shaxslarning huquqlarini buzmaslik, zo‘ravonlik, vaxshiylik, ko‘rolmaslik, irqchilik, millatchilik, jinsiy, diniy, ijtimoiy alomatlarga ko‘ra kamsitishni targ‘ib qilmaslik, muayyan shaxs, tashkilot va hukumat organlariga nisbatan noaniq ma’lumotlarni tarqatmaslik;

7.9. Qonunga xilof bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishga da’vatlar hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qilayotgan cheklovlar va taqiqlar buzilishiga yo‘naltirilgan ma’lumotlarni tarqatmaslik;

7.10. O‘zbekiston Respublikasi va xalqaro huquq me’yorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

 

8. Adolatmarkazi.uzning huquqlari va majburiyatlari

8.1. Adolatmarkazi.uz foydalanuvchi tomonidan mazkur bitimning biror-bir sharti buzilgan holatlarini aniqlasa, unga kirishni taqiqlash;

8.2. Foydalanuvchi uzoq vaqt davomida (kamida 1 yil) saytning shaxsiylashtirilgan xizmatlaridan foydalanmagan bo‘lsa, uning roziligini olmagan holda qaydnomasini o‘chirib tashlash huquqiga ega;

8.3. Adolatmarkazi.uz foydalanuvchi bu saytdan boshqa saytlarga o‘tganida ularga va uchinchi shaxslarga taqdim qilgan shaxsiy ma’lumotlar uchun;

8.4. Adolatmarkazi.uz foydalanuvchi tomonidan mazkur bitim qoidalarini buzilishi va saytning shaxsiylashtirilgan xizmatlaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuz bergan ma’lumotlarni yo‘qolishi va ularga putur yetkazilishi uchun javobgar hisoblanmaydi.

8.5. Adolatmarkazi.uz o‘z zimmasiga buyurtma qilingan mavjud mahsulotlarni yetkazib berishni asossiz ravishda rad qilmaslik;

8.6. Kitob mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi “yashirin nuqson” aniqlanganda almashtirish;

8.7. Foydalanuvchining mahsulotlarni tanlash, xarid qilish, qaytarish va almashtirish bilan bog‘liq telefon yoki elektron pochta orqali yuborilgan barcha savollariga ko‘rsatilgan muddatda javob berish majburiyatini oladi.

 

9. Shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash

9.1. Adolatmarkazi.uz mijozdan olingan shaxsiy ma’lumotni uchinchi shaxslarga bermaslikka majbur. Manzilni qidirib topish va yetkazib berishni yengillashtirish maqsadida to‘liq manzil, mo‘ljal va telefon raqamlari haqidagi ma’lumotlarni pochta xizmatchilariga berish bundan mustasno.

9.2. Saytda voyaga yetmagan bolalar tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy harakatlar uchun javobgarlik ularning qonuniy vakillari zimmasiga yuklatilgan.

9.3. Informasion va xizmat xabarlari (ro‘yxatdan o‘tganligi, buyurtma tayyorligi, pochtaga topshirilgani, buyurtma yetkazib berilganligi yoki saytning boshqa ma’lumotlari haqida) foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatgan uyali telefon raqamiga yuboriladi.

9.4. Adolatmarkazi.uz foydalanuvchining ro‘yxatdan o‘tgan uyali telefon raqamiga yoki elektron manziliga sayt yangiliklari, aksiyalar va boshqa qisqa matnlarni yuborishi mumkin. Foydalanuvchi xabarlarni olishdan istalgan vaqtda voz kechishi mumkin. Buning uchun sayt elektron manziliga tegishli talabnomani yuborish lozim. Talabnomada foydalanuvchining ismi, familiyasi, elektron pochta manzili (telefon raqami) ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

 

10. Nizolarni hal qilish tartibi

10.1. Mazkur bitim bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolar qonunchilikka muvofiq hal qilinadi.

10.2. Nizoni sudga topshirgunga qadar tomonlar talabnoma berish tartibiga rioya qilishlari lozim.

10.3. Sud tomonidan bitimning qaysidir bandini kuchga ega emas yoki majburiy bajarishga to‘g‘ri kelmaydi deb hisoblanishi, bitimning boshqa qoidalarini kuchga ega emasligi va bajarilmasligi keraklidan darak bermaydi.

11. Bitim shartlarini o‘zgartirish tartibi

11.1. Adolatmarkazi.uz ushbu bitimga bir tomonlama tartibda foydalanuvchini ogohlantirmasdan o‘zgartirishlar kiritishi mumkin. Foydalanuvchi kiritilayotgan o‘zgarishlarni mustaqil ravishda kuzatib borishi lozim.