Yuqoriga

“Eng yaxshi innovatsion loyiha” tanlovi natijalari aniqlandi

Admin   23,12-2022 1120

“Eng yaxshi innovatsion loyiha” tanlovi natijalari aniqlandi

Xabaringiz bor, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan “Eng yaxshi innovatsion loyiha” tanlovi o'tkazilishi e'lon qilingan.

Tanlovda qatnashish uchun arizalar (tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda) 2022-yil 10-dekabrgacha maxsus telegram boti orqali qabul qilindi.

Shunga ko'ra, belgilangan muddatga qadar tanlovda ishtirok etish uchun jami 28 nafar fuqarodan murojaatlar kelib tushdi.

Eslatib o'tamiz, tanlov maqsadiga ko'ra, ishtirokchilar aholiga ayniqsa, yoshlarga qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini anglatib borish, ularda Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish hamda qonunchilikdagi yangiliklar bilan doimiy tanishib borishini ta'minlovchi innovatsion loyihalarni taqdim etishi nazarga tutilgan edi.

Shunga muvofiq, ishtirokchilarning innovatsion loyiha va g'oyalari belgilangan tartibda komissiya a'zolari tomonidan o'rganib chiqildi.

Natijalarga ko'ra, taqdim etilgan innovatsion loyiha va hujjatlar tanlov nizomiga nomuvofiqligi (jumladan, to'liq shakllantirilmaganligi, kamchiliklar mavjudligi, shuningdek loyihalarning dolzarbligi va huquqiy ongni yuksaltirishdagi imkoniyati yetarli darajada emasligi, asosan bir yo'nalish bilan cheklanib qolganligi, tanlov mazmuniga mos bo'lmagan loyihalar taqdim etilganligi) jihatdan ishtirokchilar g'oliblikka tavsiya etilmadi.